Вирусли гепатит с касаллиги

Bulardan boshqa gepatit viruslari ham mavjud, lekin asosan bu uchta turi uchraydi. Bundan tashqari, boshqa, gepatitga oid bo’lmagan viruslar ham gepatitning rivojlanishiga hissa qo’shishi mumkin. Masalan OIV, sitomegalovirus, EB virusi.


Gepatit C nima?

Kasallikning ikkita kechish turi farqlanadi: o’tkir va surunkali. O’tkir gepatit C ning rivojlanishi virus bilan zararlangandan keyin boshlanadi. Bu vaqtda ko’pchilik kasallanganlarda hech qanday belgilar kuzatilmaydi. Taxminan 50- 80% zararlangan insonlarda kasallik keyinchalik esa surunkali gepatit C shakliga o’tadi. Surunkali bosqich o’n yillar davomida shakllanadi va u ham hech qanday alomatlarsiz kechishi mumkin. Agar kasallik davolanmasa, bemor oxir-oqibat jigar kasalliklariga duchor bo’ladi va kasallik tashuvchisiga aylanadi.

Gepatit C ning bir necha genotipli turlari uchraydi. Ular 1a, 1b, 2, 3, 4, 5 va 6 ga bo’linadi. Bu genotiplar o’rtasidagi farq kasallikni davolashda muhim o’rin tutadi (dori turi, dozalari va davolash muddati).

Gepatit C belgilari

Kasallikning turli bosqichlarida ma’lum bir alomatlari seziladi.

O’tkir bosqichda 65% insonlarda aniq belgilar kuzatilmaydi. Kasallik rivojlanib borishi bilan belgilar ham yaqqolroq namoyon bo’la boshlaydi (2-26 haftadan so’ng) va 2-12 hafta davom etadi. Ular:

  • Qorinning yuqori qismidagi og’riq, ayniqsa o’ng tarafda;
  • Siydik rangining to’q bo’lishi;
  • Rangsiz axlat (oqimtir);
  • Sariqlik (teri va ko’z sarg’ayishi);
  • Ko’ngil aynishi va ichak faoliyatining buzilishi;
  • Charchoq;
  • Biroz isitma va titroq;
  • Mushaklardagi og’riq;
  • Ishtaha yo’qolishi;
  • Kayfiyatning tezda o’zgarishi;
  • Bo’g’imlardagi og’riq.

  • Zaiflik va charchoq;
  • Ko’ngil aynishi;
  • Ishtaha yo’qolishi;
  • Mushak va bo’g’imlardagi og’riq;
  • Vazn yo’qotish.

Surunkali gepatit C jigar yetishmovchiligiga (jigar dekompensatsiyasi) olib kelgani bois qo’shimcha alomatlar kuzatiladi:

  • Siydik rangining to’q bo’lishi;
  • Sariqlik (teri va ko’z sarg’ayishi);
  • Qichish;
  • Suyuqlik to’planishidan kelib chiqadigan qorindagi shishlar;
  • Suyuqlik to’planishi tufayli oyoq shishishi;
  • Qon qayt qilish;
  • Umumiy qorin og’rig’i.

Jigar zararlanganda u o’z funktsiyalarini bajara olmaydi. Jigar funktsiyalari qondagi zaharli birikmalarni parchalash, infektsiyalar bilan kurash, dori vositalarini parchalash, ba’zi muhim oqsillarni sintez qilish, qon ivish omilini ishlab chiqish va vitamin, mineral, yog’ va uglevodlarni depo qilib saqlashdir.

Gepatit C qanday yuqadi?

Gepatit C virus bilan kasallangan shaxsdan boshqa shaxsga yuqadi. Virus hayvonlar yoki hasharotlardan yuqmaydi.

Gepatit C virusi asosan qonda va zararlangan kishining o’ziga xos boshqa tana suyuqliklarida oz miqdorda mavjud. Virus hozirda eng ko’p inyektsiya uchun ishlatilgan igna almashinuvi sabab yuqadi. 1990 yilga qadar virus, odatda, qon quyish orqali yuqgan. Hozirda qon quyish orqali yuqishi xavfi deyarli yo’q, donorlik qoni avvalo tahlil qilinadi.

Gepatit C ning yuqishi ba’zan infektsiya nazorat qilish protokollariga rioya qilinmangan kasalxona va klinikalarda, sog’liqni saqlash muassasalarida sodir bo’ladi. Bunday vaqtda tibbiyot hodimlari nosteril asbob qo’llashi yoki igna orqali sog’lom insonga virusni yuqtirishi mumkin.

Virus yuqishining yana bir yo’li bu zaralanib bo’lgan donor a’zosini boshqa insonga ko’chirib o’tkazilishidir. Hozirgi paytda zararlangan organlarni ko’chirib o’tkazish eng so’nggi va boshqa umid qolmaganda chora sifatida qaraladi.

Virus jinsiy aloqa yo’li bilan yuqishi mumkin, lekin bu kamdan-kam hollarda kuzatiladi. Og’izda jarohatlar yoki yaralar bo’lganda o’pish orqali yuqishi mumkin, lekin bu ilmiy isbotlanmagan. So’lakda virus uchramaydi, albatta agar so’lakda qon bo’lmasa. Shaxsiy gigiena vositalari, masalan tish cho’tkasi va ustaralar umumiy ishlatilganda virus yuqishi mumkin.

Virus bilan yangi tug’ilgan chaqaloq onasi orqali zararlanishi mumkin. Istisnolar, ona qonida virus uchramasa. Ona suti orqali gepatit C uzatilishi qayd qilinmagan.

Tatuirovka urish orqali ham virus uzatilishi qayd qilingan, zero ko’pchilik salonlarda sterilizatsiyaga amal qilinmaydi. Gepatit C oziq-ovqat, suv orqali yuqmaydi.

Qanday qilib zararlanishni oldini olish mumkin?

Kasallikka qarshi hech qanday vaktsina kashf etilmagan. Zararlanishni oldini olish uchun:

  • Jinsiy aloqa vaqtida himoyalanish;
  • Boshqa insonning shaxsiy gigiena asboblaridan foydalanmaslik;
  • Go’zallik salonlari va tatu salonlarda e’tiborli bo’lish, ularning asboblarida har xil viruslar, jumladan OIV yoki gepatit C virusi uchrashi mumkin;

Gepatit C ni tashxislash

Gepatit C bemorni so’roq qilish, puxta jismoniy ko’rik va laborotoriya tahlillari yordamida aniqlanadi. Shifokor kasallik belgilari qancha vaqt davom etayotganini aniqlashtiradi. Shuningdek xavf omillari tarixi haqida so’rashi mumkin, ularga:

  • Qon quyish;
  • Sayohat;
  • Gemodializ;
  • Pirsing va tatuirovkalar;
  • Gepatit C bilan kasallangan inson bilan aloqa kiradi.

Laboratoriya qon tahlili kasal qonidagi turli moddalarni, fermentlar sonini aniqlash, jigar funktsiyasini baholash va gepatit C ga qarshi antitanalarni topish uchun amalga oshiriladi. Agar tahlillar virus borligini aniqlasa, bemor qonidagi virusning genetik materiali miqdori aniqlanadi. So’ngi tahlil natijasi davolash tartibini belgilashda muhim hisoblanadi va jarayonni nazorat qilishga yordam beradi.

Kasallikka tashxis qo’yilgandan keyin bemorda jigar fibrozi yoki sirrozi alomatlari bor-yo’qligini tekshiruvchi tahlillar o’tkazilishi mumkin. Bu jigar to’qimasi biopsiyasi yordamida amalga oshiriladi va mikroskop ostida jigar hujayrasi tekshirib ko’riladi. Jigar biopsiyasi bugungi kunda kamdan-kam hollarda amalga oshiriladi, chunki noinvaziv testlar ko’proq samarali, oson va arzonroqdir.

Jigar fibrozini ultratovush tekshiruvi va MRT yordamida aniqlash mumkin. Bundan tashqari, turli xil qon tahlillari yordamida yallig’lanish darajasi va fibroz mavjudligini oldindan aniqlash mumkin. Asosan qon tahlili virus genotipini aniqlash uchun keng foydalaniladi. Shuningdek, bemorda OIV, gepatit A va B bor yoki yo’qligini aniqlash lozim, chunki ular kasallikni davolashda qiyinchilik tug’dirishi mumkin.

Gepatit C ning davosi bormi?

Eng so’nggi viruslarga qarshi preparatlar bilan ko’pchilik kasallarda gepatit C ning eng ko’p tarqalgan turlarini butunlay davolash imkoni mavjud.

Yaqinda kashf qilingan dorilar :

  • Ombitasvir-Paritaprevir-Dasabuvir-Ritonavir (Viekira Pak);
  • Ombitasvir-Paritaprevir-Ritonavir (Technivie);
  • Daklastavir (Daklinza).

Bu preparatlar interferon talab qilmaydi va kam vaqt ichida ko’p odamlarni davolaydi. Dastlabki ikki dorilar faqat kasallik rivojlanishining erta bosqichlarida tavsiya etiladi, chunki ular jigarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Bu dorilar juda qimmat turadi.

Buning o’rniga shifokor Botseprevir (Victrelis), Simeprevir (Ossio), Sofosvivir (Sovaldi) yoki Telaprevir (Incivek) kombinatsiyasi bilan Interferon birlashmasini tavsiya qilishi mumkin.

Interferon va Ribavirin gepatit C ni davolash asosiy vosita edi. Ular charchoq, shamollash belgilari, kamqonlik, teridagi toshmalar, ruhiy tushkunlik, ko’ngil aynishi va diareya kabi nojo’ya ta’sir chaqirishi mumkin.

Davolash virus genotipiga qarab o’zgaradi. Eng keng tarqalgan turi 1 genotip gepatit C virusidir, undan keyin 2 va 3 genotip, ularning ortidan 4, 5 va 6 uchraydi.

Dorilarning eng keng tarqalgan nojo’ya ta’siri quyidagilardir:

Bugungi kunda mavjud bo’lgan va keng foydalaniladigan virusga qarshi dorilarga:

  • Simeprevir (Ossio);
  • Paritaprevir / ritonavir (har doim birga);
  • Ledipasvir;
  • Ombitasvir;
  • Daklatasvir (Daklinza);
  • Sofosbuvir (Sovaldi);
  • Dasabuvir kiradi.

Ulardan ba’zilari (qavs ichida nomi yo’q dorilar) kombinatsiyalangan holda uchraydi, masalan:

  • Ombitasvir, Paritaprevir / Ritonavir (Technivie);
  • Ombitasvir, Paritaprevir / Ritonavir va Dasabuvir (Viekira Pak);
  • Ledipasvir, Sofosbuvir (Harvoni).

Gepatit C ning kishi hayotiga ta’siri

Ko’p odamlar bu kasallik bilan yashashadi. Agar sizda kasallik mavjud bo’lsa, o’zingizga va boshqalarga yordam berish uchun bir necha muhim narsalarga amal qilishingiz lozim :

  • Parhezga amal qiling va ko’proq dam oling;
  • Spirtli ichimliklar qabul qilmang;
  • Jigarni zararlovchi dorilarni qabul qilmang (shifokor tomonidan aniqlanishi mumkin);
  • Agar olmagan bo’lsangiz gepatit A va B ga qarshi vaktsina oling.

Boshqa birovga infektsiya yuqtirmaslik uchun quyidagi chora-tadbirlarga amal qiling:

  • Boshqalar bilan tish cho’tkasi yoki ustarani baham ko’rmang;
  • Boshqalarga sizning qoningiz bilan aloqa qilishga yo’l qo’ymang;
  • Jinsiy aloqa paytida himoyalaning;
  • Go’zallik salonlarida sizni qoningiz o’tishi mumkin bo’lgan amallarni qildirmang (manikyur, tatuaj);
  • Sizning kasalligingiz haqida yaqinlaringiz bilishi kerak, zero ular ehtiyot choralariga amal qilishadi.

Homiladorlik paytida gepatit C

Gepatit C homiladorlik davrida va tug’ruq davomida onadan bolaga yuqishi mumkin. Kasallikka qarshi antitanalari bo’lgan onalardan faqat 2% hollarda farzandiga yuqishi kuzatiladi. Qonida gepatit C virusi uchragan hollarda esa 5%. Ona OIV bilan zararlangan bo’lsa, uzatish xavfi deyarli 20% ni tashkil etadi.

Siz davolanishingiz kerak-kerakmasligini shifokor bilan maslahatlashishingiz kerak. Gepatit C kasalligini davolash faqat mutaxassis tomonidan to’g’ri olib borilishi mumkin.

Gepatit C o’limga olib keladimi?

Kasallik ikki holatda fojiali yakun yasashi mumkin:

  1. Gepatit C rivojlanaversa va kasallik davolanmasa jigar yetishmovchiligiga, u esa oz navbatida o’limga olib keladi;
  2. Agar gepatit C sababli jigar saratoni (gepatosellulyar saraton) rivojlansa.

Lekin so’nggi tadqiqotlar va kashfiyotlar sababli yildan-yilga gepatit C sabali yuzaga keladigan o’lim hollari kamayib bormoqda.

Virusli gepatitlar – bu turli viruslar qo‘zg‘atadigan yuqumli kasalliklar guruhi bo‘lib, asosan jigarning jarohatlanishi, organizmning umumiy zaharlanishi va ba’zi hollarda sariqlik bilan kechadi. Qadimdan xalq orasida bu xastalik “sariq kasalligi” deb ataladi. Bu kasalliklarning qo‘zg‘atuvchisi virus bo‘lganligi bois, bugungi kunda ular “virusli gepatitlar” deb yuritilmoqda.


Foto: Pechen1.ru

Surunkali gepatitlar orasida C virusli gepatit alohida o‘rin tutadi. Dunyoda gepatitning bu turi asosan parenteral, ya’ni, qon va qon mahsulotlarini quyish, nosteril shprislar orqali inyeksiya qilish (bu holat giyohvand moddalarni tomir ichiga qabul qiluvchi kishilar orasida uchraydi), a’zolar transplantatsiyasi (organizm a’zolarini ko‘chirib o‘tqazish) va teri butunligining buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa tibbiy hamda tibbiy bo‘lmagan muolajalar orqali ham yuqishi mumkin. Ayrim hollarda bu kasallikning yuqish yo‘li aniqlanmay qoladi.

Virusli gepatit C qon bilan yuquvchi kasalliklar guruhiga kiruvchi kasallik bo‘lib, 80% hollarda parenteral yo‘l bilan yuqadi. Jinsiy, maishiy aloqa, vertikal yuqish hollari ancha kam uchraydi. Jinsiy yo‘l bilan yuqish mumkinligi virusning nafaqat qonda, balki boshqa biologik suyuqliklarda (sperma, bachadon shillig‘i) ham topilishi bilan izohlanadi. Vertikal yuqishda virus onadan homilaga homiladorlik paytida (tug‘ma, intranatal) yoki tug‘ilish paytida (perinatal) o‘tishi mumkin. Kasallanish xavfi qon preparatlariga (qon, plazma, eritrotsitar, trombotsitar massa) va gemodializga muxtoj bemorlarda yuqori bo‘ladi. Shuning uchun kasallikning yuqishi qon va buyrak kasalligi bor bemorlarda tez-tez uchrab turadi. Aniqlanishicha, virus qon va qon preparatlari quyilganda 10% hollarda, venaga narkotik qabul qiluvchilarda 65% hollarda va boshqa yo‘llar bilan 25% hollarda yuqar ekan. Kasallik ko‘proq 15-30 yoshgacha bo‘lgan bemorlarda ko‘proq uchraydi. O‘zbekiston hududida o‘tkir gepatitlar bilan kasallanganlarning 5-6 %ida aynan gepatit C uchraydi.

C virusli gepatit ko‘pincha klinik alomatlarsiz kechishi, ko‘p hollarda jarayonning surunkali tus olishi, jigardan tashqari organizmning boshqa ko‘pgina a’zolarining zararlanishi va og‘ir asoratlarga sabab bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Dastlab mazkur gepatit turi shartli ravishda “A ham emas, B ham emas” degan nom bilan yuritilgan. Bu shartli tashxisning nomi amaliyotda 15 yilgacha qo‘llanilib kelgan.

Ushbu turdagi gepatitlar surunkali kechishga moyilligi va jigar sirrozi hamda jigar saratoni kabi asoratlar bilan yakunlanishi mumkinligi bois bugungi kunda jahon tibbiyotining eng muhim muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. C virusli gepatit dunyo miqyosida keng tarqalgan kasalliklardan biridir.

1989 yilda C gepatit virusi aniqlangan bo‘lib, bu virus sababchi bo‘ladigan xastalikka tegishli bo‘lgan ayrim muammolar hanuzgacha o‘z yechimini kutmoqda. Virus ribonuklein kislotaga ega bo‘lib, bugungi kunda uning bir nechta genotiplari aniqlangan. O‘zbekistonda asosan 1-genotip virus ko‘proq aniqlanadi. Shu bilan birga 2–va 3-genotiplar ham uchraydi. Virusning 3–va 4-genotiplari asosan Afrika va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlarida ko‘proq kuzatilmoqda.

C gepatit virusi gepatotrop ya’ni, jigarni zararlaydigan virus bo‘lib, qon orqali organizmga tarqaladi hamda jigar hujayralari – gepatotsitlarga o‘rnashib olib, shu hujayralarda rivojlanadi va ularni jarohatlaydi. Bu virusni “immun tizimga chap beradigan” virus ham deyiladi. Virusdagi bu xususiyatning mexanizmi hanuzgacha to‘liq o‘rganilmagan. Hozirgi vaqtda olimlarimiz virusning immun tizim ta’siridan qochish sababini virusning juda o‘zgaruvchanligi bilan bog‘lashmoqda. Organizmda immun tizim hujayralari virusni tezda taniy olmaydi va natijada kasallik cho‘ziluvchan surunkali tus oladi. Virusning organizmdagi lipoproteinlar deb nomlanuvchi yog‘ va oqsil tabiatli moddalar bilan birikib organizm immunitetidan yashirinishi mumkin degan farazlar ham ilmiy asosda o‘rganilmoqda. Shu sababli ham bu kasallik makkor hisoblanadi.

Jahonda bu xastalik B virusli gepatitga qaraganda ko‘proq uchraydi. Kasallikning klinik belgilariga kelsak, xastalikning o‘tkir kechishi deyarli aniqlanmay qoladi: bunga sabab bir tomondan kasallikning asosan yengil kechishi bo‘lsa, ikkinchi tomondan uning ko‘pincha sariqliksiz o‘tishidir. Surunkali C virusli gepatitning asosiy xususiyatlaridan biri uning uzoq yillar davomida klinik belgilarsiz kechishidir. Shuning uchun ko‘p hollarda C gepatit virusi profilaktik ko‘riklardan o‘tishda yoki xastalikning asoratlari ya’ni, jigar sirrozi yoki jigar saratoni bosqichida aniqlanadi.

Bu gepatitlar ko‘pincha katta yoshdagi kishilarda uchraydi. Bolalar kasalliklari orasida surunkali C virusli gepatitlar juda kam hollarda aniqlanadi. Kasallik yuqqanidan 10-15 yil va undan ko‘p vaqt o‘tganda kasallikning ayrim klinik ko‘rinishlarini aniqlash mumkin. Bu vaqtda bemorlar ishtahaning pasayishi, yog‘liroq ovqatlarning qiyin hazm bo‘lishi, ko‘ngil aynishi, kam hollarda qusish, og‘izda achchiq ta’m sezishdan shikoyat qiladilar. Bu bemorlarda qabziyat bilan ich ketishining almashib turishi, qorin damlashi, o‘ng qovurg‘a ostida og‘riq yoki og‘irlik, tana vaznining kamayishi, uyquning buzilishi va milklarning qonab turishi kuzatilishi mumkin. Jigar kattalashadi, paypaslab ko‘rilganda og‘riq sezilishi mumkin. Ayrim bemorlarda taloq kattalashishi aniqlanadi.

Kasallik xolestatik komponentlar (o‘t dimlanishi) bilan kechganda ko‘z va terining sarg‘ayishi kuzatiladi. Xastalikning bu turida intoksikatsiya (organizmning zaharlanish) belgilari kam namoyon bo‘ladi. Bemorning umumiy ahvoli ko‘pincha qoniqarli bo‘lib, ko‘proq terining qichishishi va tana haroratining subfebril (37,0o-37, 5o) darajada ko‘tarilishi kuzatiladi. Qonda umumiy bilirubin miqdori ko‘paysada, jigar fermentlari me’yoriy ko‘rsatkichlarda aniqlanishi mumkin. Kasallikning xolestatik turi ko‘pincha katta yoshdagi kishilarda uchraydi.

Surunkali C virusli gepatitda jigar zararlanishidan tashqari boshqa a’zolarning kasalliklari ham ko‘p uchraydi: vaskulit (qon tomirlarining yallig‘lanishi), polimiozit (tananing ko‘pgina mushaklarining yallig‘lanishi va og‘riq bilan kechishi), piyelonefrit (buyraklarning yallig‘lanishi), ko‘rishning xiralashishi kabi o‘zgarishlar aniqlanadi.

Bemorlarda C va B gepatit viruslari birga aniqlanishi ham mumkin. Bunday gepatitlarni mikst-gepatitlar deyiladi. Yuqumli kasalliklarning asosiy qonuniyatlaridan biri bu har bir yuqumli kasallikning o‘z qo‘zg‘atuvchisi borligidir.

Surunkali C virusli gepatitga tashxis qo‘yishda epidemiologik ma’lumotlar va kasallikning klinik belgilari (umumiy holsizlik, o‘ng qovurg‘a ostida og‘irlik yoki og‘riq), obyektiv tekshiruv ma’lumotlari (jigar va kam hollarda taloqning kattalashishi) kasallikni aniqlashda muhim rol o‘ynaydi. Kasallikka yakuniy tashxis qo‘yishda laboratoriya tekshiruv usullari asosiy o‘rin tutadi. Qonning umumiy klinik va biokimyoviy tahlillari natijalari o‘rganiladi. Qonda jigar fermentlari hisoblangan alaninaminotransferaza (AlAT) ko‘rsatkichlarining oshishi jigardagi jarayonning faolligini ko‘rsatadi. Olimlarimiz tomonidan keyingi yillarda olingan ma’lumotlarga ko‘ra mazkur ko‘rsatkichning doimiy ko‘tarilib turishi jigar to‘qimalarining jarohatlanayotganligini bildiradi. Shuning uchun qondagi bu biokimyoviy ko‘rsatkichni muntazam ravishda tekshirib turish maqsadga muvofiqdir. Zamonaviy serologik va virusologik laboratoriya tekshiruvlaridan immunoferment tahlil orqali C gepatit virusiga qarshi ishlab chiqilgan antitelolar va polimeraza zanjir reaksiyasi usulida virusning turi, qondagi miqdori va genotiplari aniqlanadi. Qonda virus miqdori (virus yuklamasi)ning aniqlanishi ham virusning jigar hujayralariga faol ta’sir ko‘rsatayotganligini bildiradi. Qondagi virus miqdori aniqlangandan keyin virusning qaysi genotipga mansubligi tekshiriladi.

Tashxis qo‘yishda ultratovush tekshiruvi (UTT) va jigarni fibroskanda tekshirish noinvaziv (teri va shilliq qavatlarni jarohatlamaydigan) tekshiruv usullaridan bo‘lib hisoblanadi. Bu tekshiruvlar orqali jigarning kattaligi, yuzasining tekis va silliqligi, uning to‘qimalarining zichlashuvi, jigarda fibroz to‘qima rivojlanishining darajasi va boshqa ko‘rsatkichlar aniqlanadi.

Davolashning asosi – parhez va kun tartibiga rioya qilishdir. Surunkali C virusli gepatitda jigar kasalliklarida qo‘llaniladigan 5-parhez taomlar tayinlanadi. Iste’mol qilinadigan ovqat oson hazm bo‘lishi zarur. Go‘sht yog‘siz, qiyma va qaynatib pishirilgan holda tavsiya qilinadi. Bemor qiymali mastava, sutli va boshqa suyuq ovqatlar yeyishi mumkin. Quyuq ovqatlardan ezilgan kartoshka, guruchli qiyma, shirguruch, qaynatib pishirilgan tovuq go‘shti yoki baliq, bug‘da pishirilgan qovoq kabi taomlar tavsiya etiladi. Xasta kishiga ko‘k choy, meva sharbatlari, gazi chiqarib yuborilgan mineral suvlar, qatiq ichish ruxsat etiladi.

Jismoniy va ruhiy toliqish bemorga to‘g‘ri kelmaydi. Dardmand odam qiyin hazm bo‘ladigan, seryog‘ ovqatlar, sho‘r va achchiq, qovurilgan, dudlangan, konservalangan mahsulotlarni iste’mol qilmasligi zarur. Spirtli ichimliklarni ichish mumkin emas. Parhez saqlash jigar faoliyatini tez tiklaydi, uning himoya kuchini oshiradi.

Virusga qarshi dori vositalarini qo‘llash spetsifik (maxsus) davolash deyiladi. Bugungi kunda organizm uchun zararsiz bo‘lgan C gepatit virusiga qarshi samarali dori vositalari yaratildi. Bunday dori vositalarini qo‘llash orqali organizm virusdan xalos bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari bu dorilar jigarda fibroz to‘qima shakllanishi jarayonini to‘xtatadi va jigar hujayralarining qayta tiklanishi ta’minlaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra dunyo bo‘yicha 500 million kishi xastalik virusini yuqtirganligi aniqlangan. Aynan C gepatit virusi jigarda uchraydigan barcha surunkali jarayonlarning asosiy sabablaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Patologik jarayonning surunkali tus olishi 50-60 foizni tashkil etishi mumkin.

Bunda kasallikning erta aniqlanishi, to‘g‘ri yo‘naltirilgan muolajaning qo‘yilishi hamda bemorning vrach tomonidan berilgan tavsiyalarga amal qilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Savol: Assalomu alaykum. Gepatit C homilaga yuqadimi? Javob uchun rahmat.

Javob: Agar homiladorlik asoratsiz kechsa va virus qonda kam miqdorda bo‘lsa, yuqmaydi. Agar, masalan, yo‘ldosh ajrab qolsa (отслойка), unda yuqish imkoni oshadi. Virusolog, ginekolog shifokorlarga uchrang hamda profilaktik chora tadbirlarini ko‘ring. Salomat bo‘ling.

Foydali maqolalarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Гепатит C билан касалланганлар сони дунё бўйлаб йилдан-йилга ортиб бормоқда. Гепатит C сурункали кечадиган, белгиларсиз юзага келиб, вирусларга қарши препаратларга реакциясининг пастлиги билан харакерланади. Кўпчилик ҳолларда гепатокарсинома пайдо бўлиши ҳам шу касаллик билан тушунтирилади.

Гепатит C қўзғатувчиси — РНК сақловчи вирусдир (ҲCВ). Вируснинг ўзига хослиги шундаки, унинг кўплаб (30 га яқин) бир-биридан фарқ қилувчи нуклеотидларга эга бўлган генотиплари ва субтиплари мавжуд. МДҲ давлатларида энг кўп тарқалган субтипларидан 1б, 3а, 1а, 2а учрайди. Айнан 1б субтипидаги вирус жигарда гепатокарсиномалар пайдо бўлишига олиб келади, 3а субтипи эса наркоманларда кўпроқ учрайди.


Инфекциянинг манбаи Гепатит C нинг ўткир ва сурункали формалари билан касалланганлар ва латент даврида вирус ташувчи инсонлар бўлади. Юқиш йўли парентерал (қондан-қонга) ва вертикал (онадан ҳомилага). Қон қуйиш учун донор қонлари яхши текширилиши ҳисобига ҳозирги кунда трансфузион (қон қуйиш орқали) усулда вирус юқиши деярли учрамайди, аммо вируснинг инкубацион даври узоқ ва яширин бўлганлиги сабабли кам ҳолларда инсон вирусни юқтириб олиши мумкин. Гепатит C нинг инкубацион даври ўртача 12 ҳафтагача, баъзида 27 ҳафтага чўзилиши мумкин. Бу даврда вирусни антиген ҲCВ ни ПЗР (Полимераза Занжир Реакцияси) ёрдамида аниқласа бўлади. Маиший алоқа йўли билан юқиш жуда кам ҳолларда учрайди. ҲCВ билан зарарланган шахс билан жинсий алоқага узоқ вақт давомида киришилса юқиши мумкин. Зарарланган шпритс билан инфекцияни юқтириш 3-10 % ҳолларда кузатилиб туради. Демак, асосий юқиш йўли вертикал яъни онадан ҳомилага ўтиши бўлиб ҳисобланади. Ҳомиладорлар орасида юқтириш хавфи бўлганлар қуйидагилардир:

  • Анамнезида вена ичига препаратлар ёки наркотик моддаси қабул қилган аёллар;
  • Анамнезида қон қуйдирганлар;
  • Наркотик қабул қилувчилар билан жинсий алоқага кирганлар;
  • Татуировка ва пирсинг қилдирганлар;
  • Диализда бўладиганлар;
  • Жинсий шерикнинг кўп бўлиши;
  • Ҳомиладор аёлларнинг оналари ҲCВ билан касалланган бўлса.

Касаллик инкубацион даври 2 ҳафтадан 27 ҳафтагача, ўртача 7-8 ҳафта бўлган муддатни ташкил қилади. Касаллик уч даврда кечади: ўткир, латент ва реактивация фазаси. Ўткир ҲCВ инфекцияси 80 % ҳолларда тиббий белгиларсиз кечади ва уларнинг 60-85 % илари сурункали формасига ўтиб кетади, уларда жигар сиррози ва жигар гепатоселлулар карсиномалар ривожланиши хавфи юқори бўлади.

Кўп ҳолларда касалликнинг ўткир формаси аниқланмасдан қолади, сариқлик ҳам фақатгина 20 % беморларда пайдо бўлади. Бошқа симптомлар кучсиз намоён бўлиб, қолган гепатит турлариники каби кечади. ҲCВ билан зарарлангандан 1 ҳафта ўтиб қонда ПЗР ёрдамида вирусни аниқласа бўлади. Вирусга қарши антитело бир неча ҳафта ўтгач ҳосил бўлади. 10-20 % ҳолларда транзитор инфекция ривожланиши мумкин, бунда вируснинг элиминацияси (организмдан чиқиб кетиши) кузатилади, аммо иммун тизими вирусга қарши антителолар ишлаб чиқармаган бўлади ва инсон ҲCВ нинг бошқа типлари билан зарарланиб қолиши хавфи юқори бўлади.

Ўткир ва латент Гепатит C 30-50 % ҳолларда, вируснинг бутунлай организмдан чиқиб кетиши ва касалликдан бутунлай тузалиб кетиш билан кечиши мумкин. Аммо, вирус ўзининг латент даврини кўпинча узоқ муддат сақланувчи персистенцияланган формасига ўтказиши мумкин. Латент даврида бемор ўзини соғлом ҳис қилади ва ҳеч қандай шикоятлари бўлмайди. Реактивация фазасида эса Гепатит C вируси сурункали шаклига ўтади. Бу фазада вирусемия кузатилиб, қонда ҲCВ-РНК ва анти-ҲCВ кўп миқдорда топилади.

Жигар сиррози 20-30 % ҳолларда 10-20 йилдан бери сурункали Гепатит C билан касалланган беморларда келиб чиқади. Гепатоселлулар карсинома эса беморларнинг 0,4-2,5 % ида пайдо бўлади, айниқса жигар сиррози билан касалланганларда. Жигардан ташқари ҲCВ вируси артралгия, Рейно касаллиги ва тромбоситопения билан кечувчи пурпура каби касалликларни чақиради.


Гепатит C нинг сурункали формасида бемор қонида анти-ҲCВ нафақат эркин ҳолда, балки иммун ҳужайраларига бириккан ҳолда ҳам топилади. Анти-ҲCВ-ИгГ скрининг текширувларида интерферон билан даво чоралари буюриш учун текширилади. Қонда ҲCВ топилиши вируснинг репликацияси яъни кўпайиши жадал кетаётганидан далолатдир.

Вирус репликацияси кетаётгани аниқланганда, ҳомиладор аёллар α-интерферон билан даволанади, бу интерферон вируснинг жигарга киришини, қобиғини ташлаши ва м-РНК оқсиллар синтез қилишини тўхтатади. Ҳозирги кунда Гепатит C га қарши ваксина йўқ, бунга сабаб вируснинг мутацияга тез учраши ва иммун тизимининг ҲCВ билан реакцияга кириши ҳақида билимлар камлигидир.

ҲCВ-РНК нинг ҳомиладорларда аниқланиш даражаси 1,2-4,5 %ни ташкил қилади. Ҳомиладорлик кечишига Гепатит C касаллиги ҳеч қандай таъсир кўрсатмайди. Барча ҳомиладорлар ҲCВ га бутун ҳомиладорлик давомида 3 марта текширилади. Вируснинг ҳомиладорликка таъсири жуда кам ҳолларда учрайди, кўпчилик аёлларда касаллик симптомларсиз кечади, фақатгина 10 % аёлларда аминотрансфераза миқдори юқори бўлади.

Гепатит C вертикал йўл билан юқса ҳам, ҳомиладор бўлишга қарши кўрсатма бўла олмайди. Ҳомилага вирус ўтиши аёлнинг касалланганлик муддатига боғлиқ эмас. Вирус репликацияси жадал кечаётган аёлларда, ҳомилага юқиш хавфи юқори бўлади. Илмий изланишлар аниқлашича, она қорнидаги болага вирус фақатгина зарарланган лимфоцитлар орқали юқар экан. Гепатит C нинг ОИВ инфекцияси билан бирга кечишида ҳомилага юқиш даражаси юқори бўлади (10-20 % ҳолларда), бу иммун тизими сусайганлиги билан тушунтирилади.

ҲCВ ни скрининг текширишларда аниқлаш кўпчилик мамлакатларда мақсадли ҳисобланмайди. Вирусни гепатолог ҳузурида қўшимча текширувлар асосида аниқлаш, агар унинг репликацияланиш даражаси паст бўлса, оддий йўл билан туғишга кўрсатма бериши керак. Аммо, Гепатит C билан касалланган аёлларнинг оддий йўл билан туғиши ҳақида аниқ бир хулоса йўқ, баъзи мутахасислар кесарча (кесерва) йўли билан ҳомила туғилса, вирус юқиш эҳтимоли кам деса, баъзилар оддий йўл билан туғиш ҳам мумкин дейишади. Йўлдош пуфаги эрта ёрилиши ва узоқ муддат сувсизланиш ҳолатлари вируснинг юқиш хавфини ошириб юборади.

Онада гепатит C вируси топилган тақдирда, киндик қон томирларидаги қон текшириб кўрилади. Болада вирус аниқланган бўлса ҳам, антивирус препаратлар билан даволаш 2 ёшга тўлмагунгача ман қилинади.

Она сути таркибида гепатит C вируси бўлади, шунинг учун болани сут билан озиқлантириш муаммоси ҳозирги кунга қадар муҳокама қилиб келинмоқда. Сут таркибидаги вирус консентрацияси, қондаги вируснинг репликацияланиш даражасига боғлиқ. Демак, қонда вирусемия кетмаётган бўлса она сути билан болани озиқлантирса бўлади.

Анти-ҲCВ-мусбат аёллардан туғилган барча фарзандлар ҳам 12 ой давомигача анти-ҲCВ-мусбат бўлишади. Чунки онадан болага ИгГ (иммуноглобулин Г) ўтган бўлади. Агар ушбу антитело 18 ойгача сақланиб қолса, боланинг гепатит C билан касалланганидан далолат беради. Вертикал йўл билан зарарланган болаларнинг 90 % га яқини 3 ойгача, қолган 10 % эса 12 ойгача ҲCВ-РНК-мусбат бўлишади.

Ҳомиладорликни сунъий равишда тўхтатиш ҳар қандай вирусли гепатитларнинг ўткир фазасида ман этилади, ҳар қандай шароитда ҳам ҳомилани сақлаб қолишга ҳаракат қилинади. Махсус антивирус интерферон ва рибавирин препаратлар билан ҳомиладорларни даволаш қатъиян ман қилинади. Чунки рибавирин тератоген хусусиятга эга, интерфероннинг ҳомила ривожланишига таъсири эса ҳали яхши ўрганилмаган. Бундай аёлларга ҳомиладорлик пайтида махсус диета буюрилади. Бундан ташқари зарарсиз бўлган гепатопротекторлар ҳам тавсия қилинади (эссенциал, хофитол, карсил).

Гепатит C билан касалланган аёллар туғиш жараёни махсус туғруқхоналар ёки туғруқхонанинг махсус бўлимларида, эпидемияга қарши қатъий чора кўрилган ҳолатларда олиб борилади.

Туғилажак боланинг вирус билан зарарланиш даражаси кесерва йўли билан туғилганда, оддий йўл билан туғилгандан кўра анча камаяди. Гепатит Б билан касалланиб қолмаслик учун профилактика мақсадида, бола туғилганининг биринчи куниёқ вирусли гепатит Б га қарши гамма глобулин юборилиб, ваксинация ўтказилади. Бахтга қарши гепати C учун махсус профилактик ваксиналар ҳали ўйлаб топилмаган.

Вирусли гепатит C билан касалланган онадан туғилган болалар болалар инфекционисти томонидан назоратда бўладилар. Боланинг зарарланган ёки зарарланмаганлигини якуний тасдиқлаш 2 ёшидан кейин аниқ бўлади.

Профилактика учун ҳомиладор аёлни ўз вақтида текширтириш, махсус иммунореактив текширувлар ўтказиш, тиббий муолажалар олаётганда (инекция, операция, қон қуйишда) эҳтиёткорлик талаб этилади. Албатта, аёллар наркотик воситалар қабул қилиш ва пала-партиш жисний алоқа ҳам хавф омили эканлигини унутмасликлари зарур !

Ҳомиладорларда Гепатит C аниқланса қайси шифокорларга мурожаат қилиш керак ?

Телеграмдаги расмий каналимизга аъзо бўлинг!

Читайте также:

Пожалуйста, не занимайтесь самолечением!
При симпотмах заболевания - обратитесь к врачу.